Harbiy xizmatchilarning xizmatda bo‘lish yoshi uzaytirildi

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 18-aprel kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 476-son qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunining 26-moddasi 2-qismiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan edi. 19-oktabr kunidan boshlab mazkur qonun respublika hududida amalda kuchga kirdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.Unga ko‘ra, harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmatda bo‘lish yosh chegaralari quyidagicha etib belgilandi: Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar, serjantlar va kichik ofitserlar uchun (leytenant, katta leytenant, kapitan) — 45 yosh (eski tahrirda kichik ofitserlar uchun 43 yosh etib belgilangan edi); Katta ofitserlar uchun (mayor, podpolkovnik) — 50 yosh (eski tahrirda katta ofitserlar uchun 45 yosh etib belgilangan edi), polkovniklar uchun — 55 yosh (eski tahrirda polkovniklar uchun 50 yosh etib belgilangan); General harbiy unvonidagi oliy toifali ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar uchun — 60 yosh (eski tahrirda general-mayor, general-leytenantlar uchun – 55 yosh, general-polkovniklar uchun – 60 yosh etib belgilangan). Ushbu qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar 2018-yil 18-apreldagi qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach amalga kiritilishi belgilangan edi.

Manba: Daryo.uzшаблоны для dle 11.2
0