+18. Nankin qirg‘ini haqida
Ikkinchi Xitoy–Yapon urushining eng qonli epizodlaridan biri Nankin qirg‘ini edi. Yapon harbiylari Xitoy poytaxti Nankin shahrida juda katta qatliom uyushtirishgan edi. Zo‘ravonlik 1937-yil 13-dekabrda yaponlar shaharni zabt etgan kundan boshlab olti hafta davom etdi. Bu davrda Yaponiya imperatorlik armiyasining askarlari 40 mingdan 500 minggacha xitoylikni o‘ldirgan. Bugun bu voqealarga 82 yil to‘ladi. Bu haqda “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov hikoya qiladi.Fojianing boshlanishi1937-yil avgustida yapon armiyasi Shanxayga kirib, u yerda qattiq qarshilikka uchradi va katta yo‘qotishlarga duch keldi. Jang juda qonli bo‘ldi, ikki tomon ham keskin kurash olib bordi. Noyabr oyining o‘rtalariga kelib yaponlar Shanxayni dengizdan bombardimon qilib qo‘lga kiritdi. Tokiodagi bosh shtab og‘ir yo‘qotishlar va qo‘shin jangovar ruhining pastligi sababli harbiy operatsiyani kengaytirmaslikka qaror qildi. Shunga qaramay, shtab 1-dekabrda ikkita qo‘shinga Markaziy Xitoy hududini, 10-armiyaga Xitoyning o‘sha paytdagi poytaxti Nankinni ishg‘ol qilishni buyurdi. Foto: WikipediaChet ellik muxbirlarga berilgan press-relizda xitoylik general Tan shahar taslim bo‘lmasligini va o‘limgacha kurashishini aytdi. Generalning ixtiyorida 100 mingga yaqin askarlar bor edi. Ular asosan umuman harbiy bilimi yo‘qlar, ba’zilari yaqinda Shanxay uchun bo‘lib o‘tgan jangda qatnashganlar edi. Shahardan aholining qochishini to‘xtatish uchun general Tan Chan Kayshidan olingan ko‘rsatmalarga muvofiq askarlarga portni qo‘riqlashni buyurdi. Armiya yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, kemalarni yo‘q qildi va atrofdagi qishloqlarni yoqib yubordi, keng ko‘lamli evakuatsiyaga qarshi turdi.Yapon armiyasi Nankingga yaqinlashganda Xitoy aholisi vahima ichida shaharni nafaqat yaqinlashib kelayotgan jang xavfidan, balki Xitoy qo‘shinlari tomonidan ishlatilgan juda yomon taktikaning oqibatlaridan qo‘rqib tark etdi.Xitoyliklar shaharning shimoliy qismidagi binolarni, shuningdek, bir nechta shahar darvozasini yoqib yubordi.5-dekabr kuni yapon shahzodasi Asaka Tokiodan Nankinga etib keldi. Asaka diviziya qo‘mondonlari general-leytenant Kesago Nakajima va Xeysuke Yanagavalar bilan uchrashdi. Ular shahzodaga yaponiyaliklar Nankin atrofida 300 ming xitoy askarini deyarli qurshab olgani haqida xabar berdi. Ular dastlabki muzokaralardayoq xitoyliklar taslim bo‘lishini taxmin qilayotgandi.Yapon qo‘shinlari Xitoy mudofaasining so‘nggi chegarasini bosib o‘tib, oldinga siljishda davom etdi. 9-dekabr kuni ular Nankin devorlari ostida edi.9-dekabr tushda yapon kuchlari shahar bo‘ylab varaqalar tarqatib, 24 soat ichida taslim bo‘lishni talab qildi. Bu talab rad etilgan taqdirda shaharni yo‘q qilish tahdidi yangradi.HujumYaponlar ultimatumiga javob kutgan edi, lekin oxirgi muddat, ya’ni 10-dekabrgacha Xitoy tomonidan hech qanday javob bo‘lmaydi. General Ivane Matsui yana bir soat kutdi, keyin shaharni shturm qilishni buyurdi. Yaponiya armiyasi bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishdan hujum uyushtirdi. Foto: Wikipedia12-dekabr kuni kuchli otishma va havo bombardimoni paytida general Tan qo‘l ostidagilariga chekinishni buyurdi. Biroq uyushgan chekinish o‘rniga tartibsizlik boshlandi. Ba’zi xitoylik askarlar fuqarolik kiyimlarini kiyib oldi, boshqalari esa shaharni tark etish paytida politsiya tomonidan otib o‘ldirildi.13-dekabrda yapon armiyasining 6 va 116-diviziyalari birinchi bo‘lib Nankinga turli darvozalar orqali kirdi. Shu bilan birga, o‘sha kuni tushda Yaponiyaning ikkita kichik kemasi Yanszi daryosining ikki sohiliga kelib tushdi.Ta’qib qilish va shaharni tozalash ishlariYaponiya qo‘shinlari chekinayotgan xitoy qismlarini quvib yetdi. Aksariyat manbalar jangning so‘nggi bosqichi qochib ketayogan va qo‘rquvdagi dushmanni bir tomonlama qirish deb taxmin qilsa-da, ba’zi yapon tarixchilarining fikricha, qolgan xitoy bo‘linmalari hanuzgacha yaponlarga xavf tug‘dirayotgan edi. Shahzoda Asaka harbiy muxbirga intervyu berib, keyinchalik uning shtab-kvartirasiga shahar sharqidan chekinayotgan xitoyliklar xuruj qilganida juda xavfli holatda bo‘lganini aytadi. Foto: WikipediaYapon armiyasi Nankin xavfsizlik zonasi ichida va tashqarisida tozalash ishlarini amalga oshirdi. Ushbu zonadan tashqaridagi shaharning bir qismi deyarli butunlay evakuatsiya qilingani sababli yaponlar o‘z kuchlarini unga qaratdi. 3,85 kvadrat kilometr bo‘lgan Nankin xavfsizlik zonasi juda gavjum bo‘lib, shaharning deyarli butun aholisini qamrab oldi. Yapon qo‘mondonligi ushbu zonani harbiy kiyimni fuqarolik kiyimiga almashtirgan xitoylik askarlarni aniqlash uchun turli bo‘linmalarning javobgarlik sektorlariga ajratadi.Ommaviy qotillik va zo‘rlikNankin ishg‘ol qilingach, bu yerda bo‘lgan yevropalik va xitoylik guvohlar keyingi olti hafta ichida yaponlar zo‘rlash, qotillik, talon-toroj, o‘t qo‘yish va boshqa jinoyatlar sodir etganini aytadi.1937-yilda Yaponiyaning “Mainichi Shimbun” va “Tokio Nichi Nichi Shimbun” gazetalari ikki yapon zobiti – Tosiaki Mukai va Suyoshi Noda o‘rtasidagi “musobaqa”ni yoritdi. Bu zobitlar 100 kishini qilich bilan kim birinchi o‘ldirishini aniqlashni istgan deb tasvirlangan. Uzoq Sharq xalqaro harbiy tribunali bolalar va keksa ayollarni hisobga olmaganda, shaharda zo‘rlanganlar sonini 20 mingdan ortiq degan qarorga kelgan.Askarlar mahalliy aholining uylaridan ayollarni qidirgan. Ko‘pincha ayollar o‘g‘irlab ketilgan va keyin bir to‘da askarlar tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Zo‘rlashdan so‘ng ayollar o‘ldirilgan. Ko‘pincha jinsiy a’zolariga nayzalar, shisha idishlar, bambuk tayoqlari va boshqa narsalarni tiqish orqali o‘ldirilgan. Bolalar uchun hech qanday istisno qilinmagan, askarlar ularni chavaqlab tashlagan.1937-yil 19-dekabrda ruhoniy Jeyms Makkallum kundaligida shunday yozadi: Foto: WikipediaMen bunday shafqatsizlikni hech qachon eshitmaganman, o‘qimaganman. Zo‘rlash! Zo‘rlash! Zo‘rlash! Biz kechasi bilan kamida mingta xolatni, kun davomida esa bundan ham ko‘pini hisobladik. Qarshilik va hatto norozilik qilgan ayollarni nayza bilan o‘ldirishadi yoki o‘q uzishadi. Odamlar o‘zini yo‘qotgan... Ayollarni har kuni ertalab, kunduzi va tunda olib ketishadi. Aftidan, butun yapon armiyasiga xohlagan narsasini qilishga ruxsat berilgan.Qurbonlarning aniq sonini aytish qiyin, chunki ko‘plab jasadlar yoqib, Yanszi daryosiga tashlangan yoki ommaviy qabrlarga ko‘milgan. Yapon ultramillatchilari bunday yo‘qotishlar haqida bahslashib keladi. Ularning ba’zilari hatto bir necha yuz tinch aholi o‘ldiridgan deb da’vo qiladi. B. Kempbell Sociological Theory jurnalidagi maqolasida Nankin qirg‘inini genotsid deb ta’riflagan edi.1937-yil 13-dekabrda shaharda bo‘lgan Yon Rabe kundaligida shunday deb yozadi:Faqat shaharni aylanib chiqqandan so‘ngina yetkazilgan zararning hajmini aniqlay oldik. Har 100–200 metrda jasad yotar edi. Men ko‘rib chiqqan oddiy odamlarning jasadlari orqasidan o‘q yegan holda yotar edi. Ular qochib ketmoqchi bo‘lganida orqasidan otib tashlangan. Yaponlar shahar atrofida 10–20 kishilik guruhlar bilan aylanib, do‘konlarni talon-toroj qildi... Nemis xerr Kisslingning qahvaxonasini qanday talon-toroj qilishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.Homilador ayollarni maxsus ov qilishgan. Ularning qorinlari miltiq bilan teshilgan. Qirg‘indan omon qolgan Tan Zunshan qirg‘inning tirik guvohidir:Oldingi qatordagi ayollarning oxirgisi homilador edi. Bir askar qotillikdan oldin uni zo‘rlashga qaror qildi va guruhdan ajratib olib, taxminan o‘n metrga tortib, yon tomonga sudrab chiqdi. Uni zo‘rlamoqchi bo‘lganida ayol tomonidan qattiq qarshilikka uchradi... Askar o‘tkir nayza bilan ayolning qorniga urdi. Keyin homilani pichoqladi. Chaqaloqning kindigi aniq ko‘rinib turardi. Askar uni yon tomonga irg‘itib yubordi.Shahar qulashi bilanoq yaponlar xitoylik askarlarni qidirishni boshladi. Qidiruv davomida minglab yoshlar ushlandi. Ularning ko‘pi Yanszi bo‘yiga haydab chiqarildi va u yerda pulemyotlardan o‘qqa tutildi. 18-dekabr kuni harbiy asirlarning eng katta qirg‘ini bo‘lib o‘tdi. Tongda yapon askarlari mahbuslarning qo‘llarini bog‘lab qo‘ydi; shomda ular xitoyliklarni to‘rtta guruhga bo‘ldi va ularga qarata o‘t ochdi. Yashirina olmagan mahbuslar baqirar va o‘zini har tarafga urardi. Qotillik ovozi tugashiga bir soatcha vaqt ketdi, shundan keyin yaponlar tirik qolganlarni nayzalar bilan o‘ldirdi. Ko‘pchilikni tanasi daryoga tashlandi. Qirg‘inda 57 500 xitoylik o‘ldirilgan deyiladi. Foto: WikipediaJonatan Spensning yozishicha, “ushbu fojiali voqea uchun aniq bir izoh topilmaydi. Oson g‘alabani kutgan yapon askarlari bir necha oy jang qildi va kutilganidan ko‘ra jiddiyroq yo‘qotishlarga duch keldi. Ular charchagan, g‘azablangan, umidsizlik va charchoqni boshdan kechirgan edi. Xitoy ayollarini himoya qiladigan hech kim yo‘q edi. Urushning aniq va o‘lchab bo‘ladigan maqsadi yo‘q edi. Ehtimol, ular barcha xitoyliklarni, jinsi va yoshidan qat’iy nazar, qurbon bo‘lishga yaroqli deb hisoblagandir”.Qilmish-qidirmishYaponiya taslim bo‘lishidan ko‘p o‘tmay Nankinda yapon armiyasining yuqori martabali zobitlari javobgarlikka tortildi. General Matsui Uzoq Sharq xalqaro harbiy tribunali oldida “Gaaga konvensiyalarini to‘g‘ri bajarish va buzilishlarning oldini olish uchun tegishli choralar ko‘rish” majburiyatini “qasddan va ehtiyotsizlik bilan” buzishda ayblandi. Nankindagi Yaponiya armiyasining 6-divizioni general-leytenanti Xisao Tani Nankin urush jinoyatlari tribunalining sudlanuvchisi bo‘ldi.Nanking qirg‘iniga javobgar bo‘lgan boshqa yapon harbiy zobitlari sudga tortilmadi. Yapon imperial armiyasi shtab boshlig‘i shahzoda Kotoxito 1945-yil may oyida urush tugamasdan vafot etdi. Shahzoda Asaka imperator oilasining a’zosi sifatida immunitetga ega bo‘ldi. Ko‘pgina tarixchilar “qo‘lga olinganlarni o‘ldiring” buyrug‘i uchun javobgar deb hisoblagan Asakaning yordamchisi Isamu Tyo Okinavani himoya qilish paytida joniga qasd qildi. Qirg‘inda shahzoda Asakaning javobgarlik ulushi munozarali masala bo‘lib qolsa-da, aslida u qirg‘in va boshqa urush jinoyatlarini amalga oshirishga imkon bergan asosiy sanksiyani, imperator Xiroxitoning 1937-yil 5-avgustda yapon armiyasining xitoylik mahbuslarga nisbatan muomalasiga xalqaro huquq cheklovlarini qo‘llamaslik to‘g‘risidagi taklifini ma’qullagan edi. Foto: Wikipedia1948-yil 12-noyabrda Matsui, Xirota va yana besh nafar yuqori martabali harbiy osib o‘ldirishga hukm qilindi. Boshqa o‘n sakkiz ayblanuvchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlandi. General Xisao Tani ham Nankin urush jinoyatlari sudi tomonidan o‘limga hukm qilindi.Aks-sadoNankin qirg‘inining xotirasi 1970-yillarning boshlaridan beri Xitoy–Yaponiya munosabatlariga to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ta’lim va madaniyat sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik, xalqaro savdo sezilarli rivojlandi, chunki bu davlatlar urushdan keyin yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ydi va Yaponiya XXRning asosiy savdo sherigiga aylandi. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi har yili 200 milliard dollardan oshadi.Shunga qaramay, ko‘pgina xitoyliklar Ikkinchi jahon urushi paytida, shu jumladan, Nankin qirg‘inida sodir bo‘lgan urush jinoyatlaridan kelib chiqqan holda yaponlarga nisbatan ishonchsizlik va adovatni his etadi. Bu ishonchsizlik hissi yaponlar o‘sha vahshiyliklarni tan olishni va uzr so‘rashni istamasligi bilan bog‘liq. Shunday qilib, bu qirg‘in bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda haligacha aks-sado berib turadi.Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Manba: Daryo.uz
Manba: Daryo.uz